Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta koʻchmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi oʻtkazilishi belgilangan.
Hududlarda mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targʻibot ishlarini jadallashtirish maqsadida, joriy yilning 13-sentabr-kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyatda xususiylashtirilishi belgilangan jumladan, Toʻraqoʻrgʻon, Namangan va Kosonsoy tumanlaridagi davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari toʻgʻrisida navbatdagi “Roadshow” taqdimoti oʻtkazildi.
Ushbu tadbirda 100 nafardan ziyod tadbirkorlar va ishbilarmonlar, mahalliy hokimliklar hamda tumandagi sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Taqdimot Toʻraqoʻrgʻon tumani hokimi Sherali Qosimov, Davaktiv agentligining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Bekzod Matmusayev, Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Akramjon Axmadaliyev hamda “E-auksion” viloyat vakili Alisher Mirahmedov boshchiligida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Bekzod Matmusayev soʻzga chiqib, soʻngi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash yuzasidan keskin islohotlar amalga oshirilib, tadbirkorlar uchun bir qator yangilik va qulayliklar yaratilganligini taʼkidlab oʻtdi.
Xususan:
- Davlat aktivlari 3 oyda sotilmaganda (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) ularning boshlangʻich bahosining 10 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirilishi belgilandi;
- 2024-yil 1-yanvargacha ijara shartnomalari asosida ijaraga olganiga kamida 5 yil boʻlgan va majburiyatlarni bajargan tadbirkorlarga xususiylashtirish dasturlariga kirgan davlat mulkini baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqi berildi;
- Tadbirkorlik uchun auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (viloyat markazlari bundan mustasno) 3 oy davomida sotilmaganda boshlangʻich qiymatining 30 foizigacha, 6 oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilishi, sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi;
- Davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻsh yer uchastkalariga nisbatan tuman (shahar) hokimliklarining qarzdorliklari boʻyicha taqiqlar tatbiq etilmaydi, ushbu yer uchastkalari auksion savdolarida sotilganda, xaridorlarga toʻsiqlarsiz rasmiylashtirib beriladi;
- Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha toʻlovlarni, miqdoridan qatʼiy nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6 sentabr kuni “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-135-sonli Farmoni qabul qilindi.
- Farmonga koʻra, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini quyidagi shartlarda har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi:
- Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida – 3 yil davomida kamida 35 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan;
- boshqa aholi punktlarida – 5 yil davomida, 4- va 5-toifalardagi tumanlarda esa 10 yil davomida kamida 15 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni 15 ish kunida amalga oshirish sharti bilan.
Shuningdek, barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati 15 ish kunida toʻliq toʻlangan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma beriladi
“Roadshow” ishtirokchilariga Davaktiv agentligi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yilgi xususiylashtirish dasturlariga muvofiq jami 29 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilganligi, shundan 54 ta davlat aktivlari 86,2 mlrd.soʻm qiymatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilganligi, 2024-yilning oʻtgan davrida jami 92 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan boʻlib, shundan 52 ta davlat aktivlari 82,4 mlrd.soʻm qiymatga sotilishi taʼminlangan. Hozirgi kunda umumiy qiymati 184,5 mlrd.soʻm boʻlgan 34 ta davlat aktivlarining savdosi davom etmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “E-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.
Koʻtarinki ruhda va savol-javoblarga boy oʻtgan tadbir yakunida qatnashchilar va OAV vakillari tomonidan berilgan bir qator savollarga tegishli javoblar berib oʻtildi, jumladan mahalliy tadbirkorlarning bir qator takliflari qabul qilindi.
Mazkur “Roadshow” taqdimoti viloyatning barcha tuman va shaharlarida tasdiqlangan grafik asosida oʻtkazilishi belgilangan.