Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan “Namangan agro logistics” MCHJ ustav fondidagi 99,9 foiz davlat ulushi ochiq elektron auksion savdolariga qo‘yildi.
Korxona agrologistika, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, tashish va qayta ishlashga ixtisoslashgan.
Loyiha bo‘yicha avval e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, agrologistika majmuasi 104 gektar yer maydonini qamrab olishi hamda yiliga 20 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi nazarda tutilgan. Loyihaning rejalashtirilgan eksport salohiyati 4,3 million AQSH dollariga baholangan.
“Namangan agro logistics” MCHJ 2017-yilda qishloq xo‘jaligining yangi mahsulotlarini qayta ishlash va o‘zbek meva-sabzavotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tashkil etilgan. Korxona mevalarni yetishtirish, qayta ishlash va yetkazib berish, shuningdek, sharbat konsentratlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MEVA’S brendi ostida faoliyat yuritadi. Taqdim etilayotgan mahsulotlar qatoridan gilos, anor, olma, nok va shirin gilos o‘rin olgan.
Lot haqida asosiy ma’lumotlar:
- Davlat ulushi: 99,9 foiz
- Ustav fondi: 111,81 mlrd so‘m
- Boshlang‘ich narx: 111,7 mlrd so‘m
Davlat aktivlarini xarid qiluvchilar uchun qulay shartlar nazarda tutilgan. Jumladan, aktiv qiymati 6 oy ichida to‘liq to‘langan taqdirda, 25 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, aktivni boshlang‘ich to‘lovni 15 foizdan amalga oshirgan holda xarid qilish, qolgan summani esa foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.
Uzoq muddatli investitsiyalarni rejalashtirayotgan xaridorlar uchun 5 yoki 7 yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bunday shartlar xaridorlarning moliyaviy yukini kamaytirish, tadbirkorlarga davlat aktivlarini xarid qilish va biznesni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Davlat ulushini xarid qilish qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish, tayyor mahsulotlar turini kengaytirish va eksport yo‘nalishlarini mustahkamlashni rejalashtirayotgan investorlar uchun qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Lot va savdolarda ishtirok etish shartlari haqida batafsil ma’lumotni E-auksion elektron savdo platformasi orqali olish mumkin.

